Саломат Вафо асарлари


Marta o'qildi

"Саломат Вафо: "Элат"даги изтироблар". мақола. Шаҳризода Қўзиева.

 

✏️
Adabiyot so'z san'ati. Darhaqiqat, ana shu so'zni san'at darajasida qo'llay olgan, so'zga so'zdan bo'lak buyuk ta'rif yo'q deya jilolantirib, go'zal tashbehlar orqali betakror san'at yarata olgan ijodkorlar ko'p. Lekin, shunday ijod ahli borki, ular so'zlarni ohanrabo yanglig' maqtov va takrorlanmas o'xshatishlar orqali ko'kka ko'tarishmaydi. Balki, hech bir lutf va ortiqcha takallufsiz "shafqatsizlarcha" o'z o'rnida mohirona qo'llaydilar. Ular so'zni bezashdan yiroq, ammo xuddi o'sha ortiqcha bezaklarsiz aytilgan so'zlar ancha-muncha yuraklarni teshib o'tmay qo'ymaydi. So'zlarni va jumlalarni ortiqcha bo'yoqlarsiz, kuydiruvchan, alangalatuvchan, ohang ila muzlatuvchi, so'zni ham maromiga yetkazib, ham o'z o'rnida betakror mohirlik ila qo'llay oladigan qalami o'tkir va shu bilan birga "qalamidan qon tomib turadigan" adiba Xorazm elining farzandi Salomat Vafodir. Salomat Vafo 1962-yil 20-yanvarda Xorazm viloyati Shovot tumanida tug'ilgan. Salomat Vafo o'zbek adabiyotida ilk roman yozgan ayol yozuvchi hisoblanadi. Adibaning "Farida" hikoyalar to'plami, "O'zini izlagan ayol" qissa va hikoyalar to'plami, "Ko'ngil farishtasi" qissalar to'plami, "Tilsim santanati" va "Ovoraning ko'rgan-kechirganlari" nomli romanlari chop etilgan. Salomat Vafo xalq tili bilan aytganda "qattiq" yozadigan yozuvchi bo'lgani uchun uning ko'plagan asarlari bahs-munozaralarga sabab bo'lgan. Adibaning ana shunday asarlaridan biri bo'lgan "Elat" hikoyasini tahlilga tortsak. "Elat" oddiygina odamlar yashovchi bir maskan emas. U amalga oshmagan orzular armonining manzilidan adashgan karvoni, umrining evaziga ham ortga qaytara olmaydigan bolaligini yo'qotgan ko'r tugun. Faqatgina yo'qotilganidan keyingina qadriga yetadigan, g'urbatga burkangan diydoridir. Hikoyada qahramonlarning aksariyati ruhi siniqqan va faqat tanasigina tirik bo'lgan insonlarning uvoliga qolgan razil, ma'rifatdan tamoman yiroqda turuvchi shaxslar obrazlari yaqqol ko'rinadi. Inson tug'ilibdiki, yashashga bo'lgan umidi, orzulari va istaklari ehtiyojga aylana boradi. Orzulari yo'lida tinmay harakat qiladi. Ishi tufayli oilasidan, uyudan, farzandi va hatto ota-onasidan ham vaqtini darig' tutadi. Sujet chizgisi hikoya markazida turuvchi obraz orqali bayon etilar ekan, uning elatidan shaharga ketgani va qon-qarindosh va hatto onasini ham unutayozgani achinarli bir holatda ta'sirchan tasvirlanadi: "Men ko'p yillardan beri olis shaharda yashar, salohiyatim bilan shaharning eng badavlat odamiga aylangan, qayga qo'l uzatsam yetardim lekin yillar o'tishi bilan elatimdan tobora uzoqlashar, tanish-notanishni unutar, yillar ko'rishmagan qarindoshlarim bilan diydorlashishga vaqt topolmasdim. Balki topmasdim. Monoqda yashovchi qari onam elatga qaytarolmay kuydi-yondi". Sen mayli havolan, puling ko'p bo'lsin, kazo-kazolar senga xushomadona "ta'zim" qilishsin, hali tanish-bilishlaring ekan, butun shahar seni ko'rganda qo'li ko'ksida turib, oyog'ingni o'pmaydimi? Agar onang telefon qilganida go'shakni qo'yib qo'ysang. Yoki "vaqtim yo'q ona, zarur ishlarim bor, qachonki vaqtim bo'lsa boraman" desang. Vaholanki u zarur ish bir tiyinga qimmat, yiliga ikki marta tug'ilishini ro'kach qilib ziyofat beradiganlarning bemaza, "ura-ura" qadahlarining ovozlarini eshitishga ketadigan vaqt edi, afsus! Mana shunday inson deb atalmish ulug' nomiga, afsuski, dog' tushirish u yoqda tursin, balchiqqa bulg'agan shaxslar, ming taassufki yo'q emas. Kechagina oddiy qishloqda tug'ilgan o'g'ilning bugun xalq tili bilan aytganda 5 so'm pul topib, "baland oxurdan yem yegan" iborasiga o'zicha loyiq bo'lgan. Kimlarningdir oyoqlari ostiga faqat manfaat uchun to'shalishlariga huzur qilib, ularning jirkanch va masxaraomuz maqtovlariga "parvoz etib" 9 oy issiq qornida ko'tarib yurgan ona telefon qilsa, "vaqtim yo'q", vaqt topsam boraman deyishi, shunchaki kulgimizni qistaydi.
Xo'sh, qahramonimizni elatiga qaytishiga nima sabab bo'ldi? O'zi qaytadimi? Ha qaytadi! O'zi tug'ilib o'sgan, qaysidir ma'noda qo'shtirnoq ichidagi "odam" bo'lishiga sababchi bo'lgan elatiga faqatgina onasining o'lganini eshitgandan keyingina borishga qaror biladi. Ha, ha boradi. Faqat "janazaga"! Qabristonga borar ekan, birma-bir qabr toshlardagi ismlarni ming qo'rquv va hadik ila o'qiydi:
Urushdan qaytganida o'z xotinining boshqa odamga tegib ketganiga chiday olmay, nomusdan qaddi dol bo'lgan Pirim buva; nikoh to'yi kuni halokatga uchrab, eng baxtli kunida qabrni quchgan Otanazar Sobir o'g'li; bosh qahramonning yoshligida juda qattiq sevgan ammo yetisha olmagan, yurak huruji bilan bu dunyoni erta tark etgan Ovodon; urushga ketgan mard-jasur, oriyatli o'g'lonlarning xotinlari va yosh qizlarning nomusini toptagan razil va pastkash rais; faqatgina tug'ilganida "chinqirish"day baxtga muyassar bo'lgan go'daklar; farzandi bo'lmagani uchun it va mushuklarni farzand qilib olgan Noyila tatar; o'lganimda qabrimda surnay chalib yotaman deydigan Sharif surnaychi va "bolam mendan rozi bo'l, sendan roziman" deya achchiq, iztirobli so'zlari bo'g'zida tiqilib qolib ketgan onasi va elatdoshlarini ko'rgan edi. Faqat qabristonda...
Qaysidir ma'noda obrazlar hayoti bir-biriga o'xshash. Chunki har birining ichida alam, iztirob va amalga oshish yo'lida puchga chiqqan armonlari bor. Xuddiki tabiat ularning holatini ko'rib, beadad hayqiriq ila tilga kiradi: "Odamlar shundayin holatga keldiki, hatto shamollar esishdan, daryolar toshishdan, yomg'irlar sizlarning ustingizga yog'ishdan to'xtadi. Sizlar bir-biringizga mehr-oqibatli bo'lmas ekansiz, yomonlarning kasriga yaxshilar qolaverar, sizlarga jazo sifatida sizlarning eng yaqinlaringizni gunohlaringizga cho'ktirib tashladim"! Oqibatsiz o'g'il timsolini gavdalantirgan hikoya qahramonining tushlariga tinimsiz qop-qora mushuk kiradi. Hatto tushlarida qo'rqishiga sabab bo'lgan mushuk oddiygina uy hayvoni yoki ko'ngilxushlik uchun boqiladigan paxmoqqina mushuk emas edi. Balki, yillar mobaynida qalbini tirnab kelayotgan desak, uncha to'g'ri bo'lmaydikuya, lekin terskaydagi qor kabi saqlanib kelayotgan achchiq, ammo haqiqat, armonlari edi. Odatda, armonlar qalb ko'zi ko'r bo'lmagan insonni qiynashi kerak. Lekin, bizning qahramonimizning negadir xayolining ko'chasidan ham "salom" berib o'tmaydi. Har tush ko'rganida unga yopishganini, tirnagani, zorlanib qaragani amalga oshmagan va oshmaydigan, juda murakkab armonlari edi, nazarimizda.
Qabristonda boy-u kambag'al, shoh-u gado teng. Aynan qabristondagi holat bosh qahramonning vijdonini to'la uyg'onishiga sabab bo'ladi desak, sal yanglishamiz, dengizdan tomchiday uyg'otdi. Har holda qabr toshlaridagi ismlarni sal bo'lsada achinish bilan o'qiydi. Tug'ilish o'limga qo'yilgan birinchi qadam ekanini chaqaloqlarning qabrlari oldidagi beshiklarning yastanib yotganidan ham bilish qiyin emas. Yoki tanasida qanchalik og'ir gunoh yuki bo'lsada, yuragi to'xtovsiz urib turgan davrda Allohga sajda qilmagan insonning kafanga belangan, balki yillar o'tib qurt-qumursqalarga yem bo'lgan tanasi ustiga qo'yilgan haykalning miyasi chirigan holatda Namoz o'qiyotgandagi tasviri holida, tirikligida Allohni tanimagan har bir inson miyasiga qurtlar in qurib, uni butkul kemirib ado qilishi yaqqol tasvirlangan. Bu dunyo abadiy emas, kelish bormi, ketish ham borligi qabriston misolida tasvir etilgan, bizningcha. Mana shunday haqiqat va hayotiy manzaralar ifodasini asarlariga ko'chirib, jonli ruh ila tasvirlash qobilyati Salomat Vafo ijodida uchraydi. Salomat Vafo, "qattiq" yozadi. Chunki yozuvchi, "yozishim kerak" deya yozmaydi. Balki, ichida so'zlar, "Meni yoz, meni tasvirla, meni yashat!" deya toshadi. Salomat Vafo Xorazmning asl farzandi! Haqiqiy yozuvchi aynan shunday bo'lishi kerak!
*Qo'ziyeva Shahrizoda Urganch davlat universiteti talabasi.
 
Мақола Шаҳризода Қўзиеванинг Фаэсбук саҳифасидан олинди.

- - -


< Orqaga qaytish